Kamchatkada vertolyot halokati qurbonlari xotirasiga motam e’lon qilindi
Rossiyaning Kamchatka o‘lkasi gubernatori Vladimir Solodov 3-sentabrni Mi-8 vertolyoti qulashi oqibatida halok bo‘lganlar xotirasiga motam kuni deb e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aviahalokat qurbonlari orasida Kamchatka, Moskva, Perm o‘lkasi, Lipetsk, Amur viloyatlari, Buryatiya va Udmurtiya fuqarolari bor.
Kamchatkaga bugun, 2-sentabr kuni Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi vakillari yetib keladi. Mutaxassislar halokat sabablarini o‘rganadi. Shuningdek, hududga Rossiya transport vaziri o‘rinbosari ham keladi.
“Vityaz-Aero” aviakompaniyasining Mi-8 vertolyoti Kamchatkada 31-avgust kuni yo‘qolib qoldi. Uning bortida 22 kishi: 3 nafar ekipaj a’zosi va 19 yo‘lovchi bo‘lgan. Vertolyot bo‘laklari 1-sentabr kuni 900 metr balandlikdan topildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bortdagi odamlarning barchasi halok bo‘lgan. Halokat ekipajning xatosi tufayli yuz bergani taxmin etilmoqda. Qutqaruvchilar fikricha, atrof yaxshi ko‘rinmaydigan sharoitda vertolyot tepalikka borib urilgan.
Sharhlar