Moskva muftiysi Rossiyada niqobni taqiqlash oqibatlari haqida ogohlantirdi
Moskva muftiysi va Moskva jome’ masjidi bosh imomi Ildar Alautdinov Rossiyada niqoblarning taqiqlanishi jamiyat orasida keskinlik kuchayishiga olib kelishini aytdi, deb yozadi “Kommersant”. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu rossiyalik musulmonlar orasida norozilikka sabab bo‘lishi mumkin. Ayollarning an’anaviy yopiq bosh kiyimi taqiqlanishi ehtimoli haqida avvalroq Rossiya inson huquqlari kengashi rahbari Valeriy Fadeyev aytib o‘tgan edi.
“Bunday urinishlar dunyoviy huquq me’yorlarining va Rossiya fuqarolariga e’tiqod erkinligi, demakki din qonun-qoidalariga rioya qilish huquqini beruvchi Konstitutsiyaga zid harakat bo‘lib ko‘rinadi”, — dedi Alautdinov. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday taqiqning kiritilishi Rossiyaning Yaqin Sharq mamlakatlari bilan aloqalariga salbiy ta’sir o‘tkazadi.
Moskva muftiysi so‘zlariga ko‘ra, niqob taqish masalasining o‘zi muhokamali bo‘lib qolmoqda. Uni Musulmonlar diniy boshqarmasi ulamolar kengashi bilan muhokama qilishga tayyor. Uning aniqlik kiritishicha, boshqarma zamonaviy dunyoviy davlat sharoitida niqob taqishni targ‘ib qilmaydi. Biroq ushbu bosh kiyimini taqish “huquqiga daxl qilinishi”ni islom mamlakatlari o‘z dinlariga qarshi repressiya deb baholashi mumkin.
Sharhlar