Shimoliy Koreya harbiy sun’iy yo‘ldoshini uchirmoqchi bo‘ldi, ammo bu muvaffaqiyatsiz yakunlandi
KXDR Aerokosmik texnika bo‘yicha davlat bosh boshqarmasi 27-may kuni “Manligyon-1-1” harbiy razvedkachi sun’iy yo‘ldoshi ortilgan yangi turdagi eltuvchi raketani uchirdi, deb yozadi “Kommersant”. Koreya Markaziy telegraf agentligi xabariga ko‘ra, parvoz muvaffaqiyatsiz o‘tgan, raketa havoda portlab ketgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raketa portlashiga “qaytadan ishlab chiqilgan” dvigatelning ishonchsizligi sabab bo‘lgan. Shimoliy Koreya agentligi “suyuq kislorod + neft” dvigateli haqida yozmoqda. Katta ehtimol bilan, “kerosin + suyuq kislorod” dvigateli ko‘zda tutilmoqda, u ommabop va arzon turdagi raketa yonilg‘isidir.
Muvaffaqiyatsiz parvozning aniq sababi keyinroq o‘rganiladi. OAVlarda parvoz haqida xabarlar paydo bo‘lgach, Yaponiyaning NHK telekanali KXDR va Xitoy chegarasida noma’lum jism portlagani aks etgan kadrlarni e’lon qildi. Bu Shimoliy Koreyaning portlagan raketasi ekani taxmin etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Yaponiyani 4-iyunga qadar koinotga sun’iy yo‘ldosh uchirishi haqida ogohlantirgan edi. Seul ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu sun’iy yo‘ldoshni ishga tushirishda Shimoliy Koreyaga Rossiya yordam beradi, bu Pxenyan Moskvaga uning Ukrainaga qarshi urushida bergan ko‘makka javob bo‘ladi.
Sharhlar