AQSH venesuelalik muxolifatchini prezident saylovi g‘olibi deb tan oldi
AQSH Davlat departamenti venesuelalik muxolifatchi Edmundo Gonsales Urrutiani “muvaffaqiyatli saylov kampaniyasi bilan” tabrikladi, deb yozadi “Kommersant”. Vashington uni prezident saylovi g‘olibi deb rasman tan oldi. Karakasning rasmiy versiyasiga ko‘ra, Nikolas Maduro uchinchi muddatga qayta saylangan.
“Afsuski, Maduro tomonidan nazorat qilinuvchi Milliy saylov kengashi tomonidam ushbu ovozlarning hisoblab chiqilishi va natijalarning e’lon qilinishi jiddiy qonunbuzarliklar bilan amalga oshdi, oqibatda Venesuela xalqi irodasini aks ettirmaydigan natijalar e’lon qilindi”, — deyiladi Davlat departamenti bayonotida.
AQSH va Venesuela xalqiga shu narsa “aniq-ravshanki, Edmundo Gonsales Urrutiya eng ko‘p ovoz to‘plagan”, deyiladi idora bayonotida. Davlat departamenti qayd etishicha, muxolifat butun Venesuela bo‘ylab saylov uchastkalaridan olingan byulletenlarni e’lon qilgan va ular muxolifatchining g‘alabasi haqida guvohlik beradi. Vashington fikricha, Venesuela partiyalari “hokimiyatni hurmat va tinchlik bilan topshirishni muhokama qilishni boshlashi kerak”.
Eslatib o‘tamiz, 29-iyul kuni Venesuela Milliy saylov kengashi Nikolas Maduro 51,2 foiz ovoz to‘plab saylovda g‘olib bo‘lganini e’lon qildi, Edmundo Gonsales esa 44 foiz ovoz yig‘ganini ma’lum qildi. Biroq muxolifat ekzitpollar natijalariga tayanib, Gonsales 73 foiz natija bilan g‘alaba qozonganini da’vo qildi. Saylov natijalari e’lon qilingach, Venesuelada ommaviy noroziliklar boshlandi.
Sharhlar