Myunxen konferensiyasida Rossiyaning NATO mamlakatlariga hujum qilish xavfi muhokama etildi
Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida NATO a’zolari Rossiyaning Shimoliy Atlantika alyansi mamlakatlaridan biriga hujumi ehtimolini muhokama qildi, deb yozadi Bloomberg o‘z manbalariga tayanib. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, ular bunday xavf “zudlik bilan javob qaytarish”ni talab etadi, degan fikrda. NATO mamlakatlari AQSH “Yevropani himoya qilish borasida o‘zining an’anaviy roli”ni saqlab qolishiga shubha qilmoqda.
AQSH borasidagi pessimizm Myunxen konferensiyasida yetakchilik qildi, deb yozadi Bloomberg. NATO mamlakatlari mudofaa vazirlari Vashington haligacha Ukrainaga mablag‘ ajratmagani yuzasidan xavotir bildirdi. Vazirlar “Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaziyat yomonlashuvi Rossiyani NATO ittifoqdoshiga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilishga undashi mumkin bo‘ladigan” ssenariylarni rejalashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Bloomberg manbalariga ko‘ra, avvalgi uchrashuvlarda kuzatilgan qat’iylik o‘rniga, bu yil Myunxenda ishonchsizlik kayfiyati ustunlik qilgan.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Bloomberg’ga bergan intervyusida qayd etishicha, u Rossiya hujum qilish-qilmasligi va bu qachon yuz berishi mumkinligi borasida hech narsa bilmaydi. Ammo u bu besh-sakkiz yildan keyin sodir bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.
NATO harbiy qo‘mitasi rahbari Rob Bauer avvalroq alyans kuchlari yaqin ikki o‘nlikda Rossiya bilan to‘liq ko‘lamli urushga tayyorlanayotganini ma’lum qilgandi. U NATOga a’zo mamlakatlar hukumatlarini va ularning fuqaro aholisini nizoga va harbiy xizmatga chaqiruv ehtimoliga tayyorlanishga da’vat etgandi. Rossiya bilan ehtimoliy urush haqida so‘nggi vaqtlarda Shvetsiya, Norvegiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va boshqa bir qator Yevropa mamlakatlari vakillari aytib o‘tgandi. Rossiya hukumati bu bayonotlarni “axborot urushi”ning bir qismi va yevropalik siyosatchilarning fuqarolarni iqtisodiyotdagi muammolardan chalg‘itishga urinishlari deb atagandi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva o‘z qo‘shinalrini Polsha yoki Latviyaga yubormoqchi emasligini aytdi.
Sharhlar