Modi Putin va Zelenskiyning xabarlarini bir-biriga yetkazishga rozi bo‘ldi
Yaqin orada Kiyevga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Rossiya-Ukraina nizosida vositachilik missiyasini bajarmaydi, deb yozadi Bloomberg o‘z manbalariga tayanib. Biroq u zarurat tug‘ilsa, Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning xabarlarini bir-biriga yetkazishga rozi bo‘ldi.
Bloomberg yozishicha, Narendra Modining vositachilik qilishni istamasligi Hindiston Rossiyaning arzon narxdagi energiya manbalari va quroliga bog‘liqligi bilan izohlanadi. Agentlik manbasiga ko‘ra, Modi bilan uchrashuv Zelenskiy uchun Hindistonning nizoni tartibga solishdagi rolini muhokama qilish uchun muhimdir. Hindiston bosh vaziri xavfsizlik nuqtayi nazaridan, Kiyevda bor-yo‘g‘i bir necha soat vaqt o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
8-iyul kuni Narendra Modi Moskvaga ikki kunlik tashrif bilan kelib, Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazgan va Ukrainada tinchlikka erishish uchun hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qilgan edi. Kreml tashrifdan keyin Hindiston bosh vaziri “vositachilik sa’y-harakatlari uchun da’vogarlik qilmayotgani”ni bildirdi. Hindiston telekanali Modining Ukrainaga tashrifini “diplomatik missiya”ning davomi deb atadi.
Sharhlar