NATO bosh kotibi alyansning yadroviy mashqlari boshlanadigan sanani e’lon qildi
14-oktyabr kuni NATO o‘zining har yillik yadroviy mudofaa mashg‘ulotlarini boshlaydi. Joriy yilda manyovrlar Buyuk Britaniya, Belgiya va Niderlandiya havo kengliklarida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda tashkilot bosh kotibi Mark Ryutte ma’lum qildi.
“Beqaror dunyoda dushmanlar NATO har qanday tahdidga javob berishga tayyor va qodir ekanligini bilishlari uchun mudofaa kuchimizni sinab ko‘rishimiz va mustahkamlashimiz juda muhim”, – deya tushuntiradi Ryutte.
NATOning ta’kidlashicha, “Steadfast Noon” mashqlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushiga reaktsiya emas, deya aniqlik kiritadi dpa.
NATOning yadroviy quroldan hamkorlikda foydalanish dasturi AQShning Yevropada joylashgan yadro qurolidan favqulodda vaziyatlarda hamkor samolyotlar tomonidan foydalanishi mumkinligini nazarda tutadi. Rasmiy tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, u Italiya shimolida, Turkiya, Belgiya, Gollandiya va Germaniyada saqlanadi.
Sharhlar