NATO Ukrainadagi nizoga aralashishdan bosh tortish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolashi mumkin
Iyulda bo‘lib o‘tadigan sammitda NATO mamlakatlari Ukrainadagi nizoga yangi yondashuvni tasdiqlashi mumkin. Alyans Ukrainaga harbiy ko‘makni muvofiqlashtirish vazifasini o‘z zimmasiga oladi, ayni vaqtda esa qurolli nizoga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvdan voz kechish haqidagi deklaratsiyani imzolaydi. Bu haqda Italiyaning Corriere della Sera gazetasi hujjat loyihasiga tayanib xabar berdi.
Nashr qayd etishicha, NATO sammitida yana bir muhim masala hal etiladi: Ukrainaga yordam bo‘yicha “Ramshtayn guruhi” rahbarligi Pentagon rahbari Lloyd Ostindan NATOning Bryusseldagi bosh qarorgohiga o‘tkaziladi. Ta’kidlanishicha, bundan yanada samaraliroq boshqaruvdan tashqari, siyosiy maqsad ham ko‘zlangan. Ushbu holatda guruhning xatti-harakatlari jamoatchilik fikri nuqtayi nazaridan va xususan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin nazdida yanada demokratikroq ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Fevralda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga qo‘shinlar yuborish ehtimolini istisno qilmagan edi. Keyinroq u bu Ukraina hukumati so‘rovi bilangina yuz berishiga aniqlik kiritdi. Ushbu bayonotdan keyin Kiyevning bir qator ittifoqchilari, shu jumladan, Germaniya, AQSH, Polsha Ukrainaga qo‘shin jo‘natish rejalari yo‘qligini ma’lum qildi.
NATO sammiti 9—11-iyul kunlari Vashingtonda bo‘lib o‘tadi. 2023-yildagi sammitda G7 mamlakatlari Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edi.
Sharhlar