NATO mamlakatlari Ukrainaga 1 millionta dron yetkazib berishni va’da qildi
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans mamlakatlari Ukrainaga bir millionta dron yetkazib berish majburiyatini olganini ma’lum qildi, deb yozadi Meduza. Bu haqda u Bryusseldagi brifingda aytib o‘tdi.
Bunday qaror “Ramshtayn” formatidagi ikki kunlik muzokaralar va Ukraina-NATO Kengashi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan.
“NATOga a’zo mamlakatlar guruhi Ukrainaga bir millionta dron yetkazib berish maqsadi bilan chiqish qildi”, — dedi Stoltenberg.
Minglab uchuvchisiz uchar qurilmalarni Ukrainaga Buyuk Britaniya va Latviya “dronlar koalitsiyasi” yetakchilari sifatida beradi, deya e’lon qildi Britaniya Mudofaa vazirligi 15-fevral kuni.
“Faxr bilan shuni e’lon qilamanki, Buyuk Britaniya va Latviya Ukraina uchun o‘ta muhim bo‘lgan uchuvchisiz qurilmalarni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro koalitsiyaga rahbarlik qiladi. Birgalikda biz Ukrainaga bu urushda o‘z-o‘zini himoya qilish va g‘alabaga erishish uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarni taqdim etamiz, toki Putin o‘zining noqonuniy va varvarcha orzularini amalga oshirish yo‘lida mag‘lub bo‘lsin”, — dedi Britaniya mudofaa vaziri Grant Shapps.
O‘tgan yil oxirida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2024-yilda Ukraina bir millionta dron ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini aytgandi.
Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy yangi lavozimida birinchi marta chiqish qilayotib, dronlarning qo‘llanilishini urushda g‘alabaga erishish uchun muhim omillardan biri deb atagan edi.
Sharhlar