NATO Rossiya va KXDR o‘rtasidagi kelishuv tufayli G‘arbni jipslashishga chaqirdi
Rossiya va KXDR o‘rtasidagi o‘zaro harbiy yordam to‘g‘risidagi shartnoma demokratik davlatlar jipslashishi zarurligini ta’kidlaydi. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Pxenyan o‘rtasidagi kelishuv “avtoritar mamlakatlar o‘rtasida hamjihatlik o‘sib borayotgani”ni ko‘rsatadi.
“Shuni anglashimiz kerakki, avtoritar davlatlar tobora birlashib bormoqda. Ular bir-birini shunday qo‘llab-quvvatlayaptiki, bunaqasini ilgari ko‘rmaganmiz”, — dedi Stoltenberg Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo bilan muzokaralardan keyin o‘tkazilgan brifingda.
NATO, shuningdek, Rossiya Shimoliy Koreya raketa va yadro dasturlariga berishi mumkin bo‘lgan ko‘magi yuzasidan ham xavotirda, dedi u.
Bundan tashqari, alyans bosh kotibi Yevropada xavfsizlik muammolari Osiyo bilan bog‘liqligini qayd etdi, bunga, xususan, Xitoy va Rossiya munosabatlari sababchidir. Bunday vaziyatda NATO Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi ittifoqdoshlar bilan ishlashi zarur, dedi Stoltenberg. Alyansning yozgi sammitida Avstraliya, Yangi Zelandiya, Janubiy Koreya va Yaponiya bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlash muhokama qilinadi.
Sharhlar