Ostonadagi harbiy-tarixiy muzeydan Nazarboyevning mum haykali olib tashlandi
Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning mum haykali Ostonadagi respublika Qurolli kuchlar harbiy-tarixiy muzeyi ekspozitsiyasidan olib tashlandi, deb yozadi Tengrinews.
Haykal muzey fondiga yuborilgan. Bo‘shagan joyga esa mamlakat birinchi mudofaa vaziri Sagadat Nurmagambetovning haykali o‘rnatilgan. Nazarboyevning mum haykali ushbu muzeyga 2018-yilda o‘rnatilgan edi.
Nursulton Nazarboyev 1989-yildan 2019-yilga qadar Qozog‘iston prezidenti bo‘lgan. Elboshi maqomini esa 2010-yilda qo‘lga kiritgan.
2022-yil boshida respublikada namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Aksiya ishtirokchilari suyultirilgan gaz narxining keskin oshishiga qarshi chiqdi, shuningdek, Nazarboyevning siyosatdan ketishini talab qildi.
Shundan keyin Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritilib, 2023-yil qishida Nazarboyev elboshi maqomidan va bir umrlik imtiyozlardan mahrum etildi. Bir nechta lavozimlar va maqomlaridan ajraldi, davlat tomonidan qo‘riqlanadigan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi. Shuningdek, mamlakatda siyosatchining haykallari demontaj qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning haykali Ostona shahridagi Milliy muzey ekspozitsiyasidan olib tashlangan edi.
Sharhlar