“Bu terrorizmni mukofotlash”. Netanyaxu — Yevropaning uch mamlakati Falastin mustaqilligini tan olgani haqida
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ba’zi Yevropa mamlakatlarining Falastin davlatini tan olish niyati “terrorizmni mukofotlash” deb hisoblanishini aytdi. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.
“Iudeya va Samariyadagi falastinliklarning 80 foizi 7-oktabrdagi dahshatli qirg‘inni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu yovuzlikka davlat shaklini berish kerak emas. Bu terrorchilik davlati bo‘ladi. U 7-oktabr qirg‘inini yana va yana takrorlashga urinadi; biz bunga rozi bo‘lmaymiz. Terrorizmni mukofotlash tinchlikka yetkalamaydi va bizga HAMASni yengishda xalal bera olmaydi”, — deb yozdi Netanyaxu X ijtimoiy tarmog‘ida.
Eslatib o‘tamiz, 22-may kuni Yevropaning uch davlati — Norvegiya, Ispaniya va Irlandiya Falastin mustaqilligini tan olishi haqida rasman e’lon qildi. Ularning qarori 28-maydan kuchga kiradi. Ushbu xatti-harakatlarga javoban, Isroil bu mamlakatlardan o‘z elchilarini chaqirib olishini ma’lum qildi.
Falastin davlatini BMTga a’zo 193 mamlakatdan 143 tasi rasman tan oladi, ular orasida Rossiya va Xitoy ham bor. Falastin davlatchiligini AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Isroil kabi mamlakatlar tan olmaydi.
2023-yil 7-oktabrda Yaqin Sharqda vaziyat qaytadan keskinlashgan edi, o‘shanda HAMAS jangarilari Isroilga hujum qilib, 1200 dan ortiq isroilliklarni o‘ldirib, yana 200 dan ziyod odamni asirga oldi. Bunga javoban, Isroil mudofaa armiyasi G‘azo sektorini yoppasiga bombardimon qilib, so‘ng yer usti operatsiyasiga o‘tdi. G‘azo SSV ma’lumotlariga ko‘ra, sector aholisi orasida qurbonlar soni 35 mingdan oshgan.
Sharhlar