Niger Ukraina bilan diplomatik aloqalarni uzdi
Niger hukumati Ukraina bilan diplomatik aloqalarni zudlik bilan uzishini e’lon qildi, deb yozadi “Kommersant” respublika hukumati rasmiy vakili Amadu Abdramanning bayonotiga tayanib. Mamlakat buni Kiyev terrorchilik guruhlarini qo‘llab-quvvatlayotgani bilan izohladi.
Niger hukumati, shuningdek, mamlakat “Ukraina agressiyasi va uning homiylari borasida” qaror chiqarilishi uchun BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qilishini ham bildirdi.
Avvalroq Mali hukumati Ukraina bilan diplomatik aloqalarni uzgan edi. Qaror Ukraina harbiy razvedkasi vakili Andrey Yusov va Ukrainaning Senegaldagi elchisi Yuriy Pivovarovning gaplari tufayli qabul qilingani aytilmoqda. Mali fikricha, ularning birinchisi Ukrainaning hujumga aloqadorligini tan olgan, ikkinchisi esa xalqaro terrorizmni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan. Press-relizda ta’kidlanishicha, Ukraina hukumati bu bayonotlarni qoralamagan ham, rad etmagan ham.
Iyul oxirida Malidagi qurolli guruhlar koalitsiyasi Tuareg isyonchilar hukumat qo‘shinlarining o‘nlab askarlarini, shuningdek, “Vagner”ning rossiyalik jangchilarini o‘ldirib, yaralaganini ma’lum qilgan edi.
Sharhlar