Nijniy Novgorod oblastida mehnat muhojirlariga ishlash uchun patent berishni to‘xtatishlari ehtimoli bor

Российская пенсионерка прописала в двух своих квартирах 11 тысяч мигрантов
Фото: azeros.ru

Nijniy Novgorod oblastida “vizasiz” mamlakatlardan keladigan mehnat muhojirlariga joriy yilning 1-oktyabridan boshlab mehnat faoliyati uchun yangi patentlar berilmasligi mumkin. Ushbu xabar Ichki ishlar vazirligining oblast bo‘yicha bosh boshqarmasi saytida paydo bo‘lgan, biroq hozirda u o‘chirib tashlangan.

Nijniy Novgorod politsiyasiga ko‘ra, bu qaror oblast gubernatori Gleb Nikitinning Rossiya Ichki ishlar vazirligiga yo‘llagan xati asosida qabul qilingan. Boshqarma tomonidan 23-sentyabr kuni 1/11198-sonli tegishli buyruq chiqarilgan.

Shu bilan birga, oblastdagi migratsiya departamenti avvalroq patent olgan muhojirlar uchun patentlarni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni davom ettiradi, deyiladi xabarda.

“Bu rasmiy mehnat shartnomasiga ega bo‘lmagan barcha muhojirlar uchun haqiqiy ishlash huquqidan mahrum qilish bo‘ladi. Uning mavjudligi muhojirning tanlovi emas. U allaqachon o‘z cho‘ntagidan soliq to‘laydi, patent uchun to‘laydi. Bu har doim soliq, pensiya va boshqa sug‘urta badallarini to‘lashdan bo‘yin tovlaydigan ish beruvchining tanlovidir”, — deydi huquq himoyachisi Valentina Chupik “Vajnie istorii” nashriga.

Uning ta’kidlashicha, patent berishni taqiqlash tashabbusi Rossiyada birinchi marta kuzatilmoqda. Avvalroq, Moskva oblastida muhojirlar uchun ishlash bo‘yicha cheklovlar, garchi unchalik qattiq bo‘lmasa-da, joriy etilishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘lgan edi: 2025-yildan ularga sog‘liqni saqlash, ta’lim va transportda ishlash taqiqlanadi.

Chupikning so‘zlariga ko‘ra, agar bunday qaror kuchga kirsa, Nijniy Novgorod oblastida mehnat muhojirlari sonining “keskin qisqarishi” kuzatiladi.

Muhojirlar shunchaki munosibroq hududlarga jo‘nab ketishadi – Nijniy Novgorod oblastida na farroshlar, na santexniklar, na quruvchilar, na yuk ko‘taruvchilar, na hamshiralar, na qishloq xo‘jaligi ishchilari, na haydovchilar qoladi”, — deya izoh beradi huquq himoyachisi.

Rossiya hukumati muhojirlarning mamlakatda qolish shartlarini faol ravishda kuchaytirmoqda. Bugun ma’lum bo‘lishicha, 2025-yil mart oyida Rossiya Federatsiyasida noqonuniy bo‘lgan xorijliklar reestri yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari, bugun hukumat noqonuniy migratsiya uchun jazoni kuchaytiruvchi qonun loyihalari paketini ma’qullamoqchi, deb yozadi “Kommersant”.

Muhojirlarga qarshi chora-tadbirlar tufayli avval kurerlar tanqisligi yuzaga kelgandi – “Vayldberriz” va “Ozon”ning eng yirik bozorlari zarar ko‘rgan. Bir nechta markaziy hududlarda “Pyatyorochka” do‘konlari peshtaxtalaridan tovarlar g‘oyib bo‘lgan — markaz xodimlari muhojirlarga qarshi politsiya reydidan so‘ng deportatsiya qilingan.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.