Nobel mukofoti sovrindori Bangladeshda muvaqqat hukumatga rahbar bo‘ladi
Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus Bangladesh muvaqqat hukumati rahbari etib tayinlandi. Bu haqda Dhaka Tribune gazetasi Bangladesh prezidenti Shahobiddin Chuppu matbuot kotibi Joynal Abedinga tayanib xabar berdi.
Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, qaror prezidentning “Talabalar diskriminatsiyaga qarshi” harakati yetakchilari bilan 6-avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan. Uning aniqlik kiritishicha, muvaqqat hukumatning to‘liq tarkibi turli siyosiy partiyalar bilan maslahatlashuvlardan keyin shakllantiriladi.
5-avgust kuni ko‘p sonli norozilik namoyishlaridan keyin Bangladesh bosh vaziri Shayx Hasina iste’foga chiqqanini e’lon qildi va mamlakatni tark etdi. Mamlakat armiyasi muvaqqat hukumat tuzilganini ma’lum qildi. Talabalar namoyishlari yetakchilari armiya rahbarligidagi hukumatni qabul qilmasligini bildirdi. Muhammad Yunus namoyishchilar talabiga ko‘ra muvaqqat hukumatni boshqarishga tayyorligini ma’lum qildi. U, shuningdek, respublikada erkin saylovlar o‘tkazilishi zarurligini ta’kidladi.
Muhammad Yunus 2006-yilda iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan faoliyati uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. O‘zining Grameen Bank banki orqali u Bangladesh aholisiga past foizli mikrokreditlar taqdim etgan. 2024-yil yanvarida Yunus Bangladeshda ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan edi. Ayni paytda u Parijda yashaydi.
Sharhlar