Norvegiya Rossiya bilan chegarada radiatsiya “sakrashini” qayd etdi
Norvegiya radiatsiya va yadroviy xavfsizlik agentligi (DSA) Rossiya bilan chegarada radiatsiya darajasi me’yor chegarasidan oshib ketganini qayd etdi, deya xabar beradi Barrents Observer agentlik bayonotiga tayanib.
DSA ma’lumotlariga ko‘ra, yadroviy reaktorlar uchun yoqilg‘i va yadroviy qurollar tarkibiga kiruvchi uran-235 parchalanishi paytida chiqariladigan radioaktiv izotop – seziy-137 izlari ikkita radiatsiya monitoringi stantsiyalari – Vikshyofell va Svanxovddan olingan namunalarda topilgan.
Namunalardagi seziy-137 miqdori, garchi odatdagidan yuqori bo‘lsa-da, kam bo‘lgan, har bir kubometr uchun taxminan 5 mikrobekkerel, deya qayd etadi DSA favqulodda tayyorgarlik bo‘limining vakili Bredo Meller. Radioaktiv izotop 9 dan 12-sentyabrgacha bo‘lgan davrda va faqat Norvegiya-Rossiya chegarasiga yaqin stantsiyalarda aniqlangan: Norvegiya shimolida va Laplandiyada boshqa radiatsiya kuzatuv postlari buni qayd etmagan. Shuningdek, Rossiya tomonidan olingan namunalarda seziy borligi haqida hech narsa xabar qilinmagan.
DSA ta’kidlashicha, seziy-137 manbai noaniq. Barents dengizida bir nechta yadroviy muzyorar kemalari, shuningdek, 16 sentyabrdan beri Sovuq urush davridan beri eng katta “Okean 2024” mashqlarida qatnashayotgan yadroviy suv osti kemalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Biroq, norvegiyalik mutaxassislarning fikriga ko‘ra, dengizda ishlaydigan reaktordan seziy-137 “oqishi” dargumon. Yana bir taminga ko‘ra, bu Rossiyaning “Burevestnik” yadroviy raketasini ishlab chiqish yoki sinovdan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uni ishga tushiruvchi poligon “Novaya Zemlya” arxipelagida joylashgan bo‘lib, u yerda SSSR 1990-yilgacha yadroviy sinovlarni o‘tkazgan.
Sharhlar