Nyu-York metrosidagi otishma oqibatida bir kishi halok bo‘lib, besh kishi yaralandi
Nyu-Yorkning Bronks tumanidagi metro bekatida noma’lum erkak otishma sodir etdi, deb yozadi Kommersant. Bir kishi halok bo‘lib, besh kishi, shu jumladan, ikki o‘spirin yaralandi, deb xabar berdi Nyu-York politsiya bo‘limi boshlig‘i Maykl Kemper.
AP va New York Post ma’lumotlariga ko‘ra, Maunt-Iden-avenyu bekatidagi o‘q ovozlari 12-fevral kuni taxminan 16:40 da (Toshkent vaqti bilan 13-fevral 02:40) yangragan. Guvohlar aytishicha, noma’lum shaxs jami 10 martacha o‘q uzgan.
Kemper ma’lum qilishicha, otishma oqibatida 34 yoshli erkak halok bo‘lgan. Yaradorlar orasida 14 yoshli qizcha va 15 yoshli yigitcha, shuningdek, 71, 28 va 29 yoshli shaxslar bor.
Politsiya ma’lumotlari bo‘yicha, noma’lum kishi poyezd yo‘lovchilari bilan ziddiyat yuzaga kelgani tufayli o‘t ochgan. Erkak qizil kurtka va chang‘i niqobini kiyib olgan, deb yozadi CNN. Otishma sodir etgach, u qochib ketgan. Jabrlanganlar kasalxonaga yotqizilgan.
Eslatib o‘tamiz, bir kun avval AQSHning Texas shtati Leykvud shahridagi cherkovda bir ayol otishma uyushtirgan, natijada bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralangan edi.
Sharhlar