Gruziya Konstitutsiyaviy sudi “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunni to‘xtata olmadi
Gruziya Konstitutsiyaviy sudi mamlakat prezidenti Salome Zurabishvilining da’vo sudda ko‘rib chiqilayotgan paytda xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunni to‘xtatib turishni so‘ragan iltimosnomasini rad etdi. Bu sudning saytida e’lon qilingan qarordan ma’lum bo‘ldi.
“Da’vogarning bahslashilayotgan normalarning amal qilishini to‘xtatib turish haqidagi talabi ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmaguncha qanoatlantirilishi mumkin emas”, deyiladi qarorda.
14-may kuni Gruziya parlamenti xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Hujjatda xorijdan moliyalashtiriladigan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining reestrini yaratish ko‘zda tutilgan. Bir qator amerikalik va yevropalik siyosatchilar tashabbusga qarshi chiqdi, chunki ularning fikricha, bu so‘z erkinligini cheklashi mumkin.
18 may kuni Gruziya prezidenti hujjatga veto qo‘ydi, biroq parlament uni bekor qildi. 3 iyun kuni mamlakat parlamenti raisi Shalva Papuashvili xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Zurabishvili qonunga qarshi Konstitutsiyaviy sudga da’vo arizasi bilan murojaat qildi, chunki u bu qonunni millatga qarshi va konstitutsiyaga mos kelmaydi, deb hisoblaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Gruziya rahbariyati bilan aloqalarni to‘xtatgan edi.
Sharhlar