О‘zbekistonda suv mototransportining maksimal harakatlanish tezligi soatiga 40 km gacha cheklandi
Vazirlar Mahkamasi suv transportida ruxsat etilgan maksimal tezlikni va atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlarini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
2025-yil 1-maydan boshlab suv transport vositalaridan (ichki yonuv dvigateli va elektr motorli) foydalanishga faqat tezlikni avtomat pasaytirish uskunasi, GPS mavjud bo‘lganida va u milliy GPS monitoringi va navigatsiya tizimiga ulanganida ruxsat etiladi.
Endilikda suv transportida ruxsat etilgan maksimal tezlik 40 km/soatni, aholi turarjoylari chegaralaridagi turargohlarda 20 km/soatni, plyajlar va aholi dam olish joylari chegaralarida esa 5 km/soatni tashkil etadi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab yuridik va jismoniy shaxslardan suv transportidan (elektr avtomobil transportidan tashqari) foydalanish natijasida atrof-muhitning ifloslanishi uchun har yili quyidagi miqdorda kompensatsiya yig‘imlari to‘lanadi:
– 10 BHM – motorli qayiqlar va gidrotsikllar uchun;
– 15 BHM – katerlar uchun;
– 25 BHM – yaxtalar uchun.
Motorli (ichki yonuv dvigatelli) suv transporti vositalarini (shu jumladan ekspluatatsiya qilishda) yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazish kompensatsiya badallari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan keyin amalga oshiriladi.
Mazkur chora-tadbirlar suv havzalarida turizm xizmatlarini jadal rivojlantirish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, suv resurslari ifloslanishining oldini olish va ulardan oqilona foydalanishga ko‘maklashishga qaratilgan.
Sharhlar