О‘zbekistonda “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ xodimi 1600 dollar miqdorida pora olayotgan paytda hibsga olindi
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbirlarni amalga oshirdi.
Xususan, “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ abonentlik bo‘limi mutaxassisi X.A. Olmaliq shahrida joylashgan oilaviy poliklinikaning suv o‘lchagich uskunasining muhrini buzib, 204 million so‘m miqdorida zarar yetkazganligi haqidagi masalani ijobiy hal etish evaziga 1600 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Tezkor tadbirlar davom ettirilib, shu korxonaning abonent bo‘limining yana bir mutaxassisi o‘z xizmatlari uchun ushbu pulning 1300 AQSh dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Yana bir holatda, Yangiyo‘l tumanida yashovchi 41 yoshli A.S.ning o‘zi va 6 nafar qarindoshi 2021 yil iyun oyida 49 yilga ijaraga bergan 2,7 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 000 AQSh dollarini talab qilgan.
Fuqaro A.S. 5 ming AQSh dollari miqdorida bo‘nak olayotgan vaqtda ushlangan. Ma’lum bo‘lishicha, u hozirda firibgarlik uchun axloq tuzatish ishlari tarzidagi jinoiy jazoni o‘tamoqda.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sharhlar