OAV: Hujum uyushtirilgan “Xanskaya” aerodromida Rossiyaning 57 ta samolyoti, jumladan Su-34 va Su-27 samolyotlari bo‘lgan
Ukraina mudofaa kuchlari Rossiya Federatsiyasining Adigeya Respublikasidagi “Xanskaya aerodromiga” zarba berdi, deb xabar beradi Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi.
“Harbiy ob’ekt hududida joylashgan o‘q-dorilar ombori hujumga uchradi. Nishonga olingan hududda dushmanning havo hujumidan mudofaa faolligi kuzatildi va yong‘in qayd etildi”, — deyiladi Bosh shtab bayonotida.
Qayd etilishicha, aerodromda Su-34 va Su-27 samolyotlari joylashgan. Zarba oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlarga oydinlik kiritilmoqda.
“Vazifani SBU, Mudofaa vazirligining bosh razvedka boshqarmasi va Ukraina qurolli kuchlari maxsus operatsiyalar kuchlarining vositalari bajardi”, – deya xulosa qiladi Bosh shtab.
“Ukrainskaya pravda” nashrining maxsus xizmatlardagi manbasiga ko‘ra, hujum paytida aerodromda Rossiyaning 57 ta jangovar va o‘quv samolyotlari va vertolyotlari bo‘lgan. Ularning orasida Su-34, Su-35 va Mi-8 texnikalarini qayd etish mumkin. Ulardan qanchasi vayron bo‘lgan yoki zararlangani hozir aniqlanmoqda.
“Ammo aerodromda yirik yong‘inlar va portlashlar sodir bo‘layotgani allaqachon ma’lum. Boshqalar qatorida, buni sun’iy yo‘ldosh monitoringi ham tasdiqlaydi. Mahalliy hokimiyat evakuatsiya e’lon qildi”, — deydi nashr suhbatdoshi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Krasnodar o‘lkasidagi ushbu aerodromdan (front chizig‘idan 450 km masofada) yoqilg‘i quyish, Ukraina mudofaa kuchlari bo‘linmalari va aholi punktlariga raketa va bombali hujumlarni uyushtirish uchun foydalanadi.
“UP” suhbatdoshining qo‘shimcha qilishicha, 10-oktyabrga o‘tar kechasi UXX, BRB, qurolli kuchlar va maxsus bo‘linmalarning dronlari Eysk hududidagi “Shahed”lar omboriga zarba bergan. U yerda bir nechta kuchli portlashlar qayd etilgan, bu esa dronlar saqlanadigan joyda yong‘in va keyinchalik portlashni keltirib chiqargan.
Sharhlar