OAV: Tramp Ukrainada “urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borish” uchun maxsus vakilni tayinlaydi
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp tez orada Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi “urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar olib borish” uchun mas’ul maxsus vakilni tayinlashi mumkin. Bu haqda Fox News telekanaliga bir qancha manbalar xabar berdi, deb yozadi “Yevropeyskaya pravda” nashri.
Manbalardan birining telekanalga aytishicha, so‘z “juda yuqori martabali maxsus vakil” va “katta vakolatga ega shaxs” haqida bormoqda, unga Ukrainada “tinchlik yo‘li bilan kelishuvga erishish” topshiriladi.
“Bu tez orada sodir bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi u so‘nggi kunlarda Tramp ma’muriyatining bo‘lajak a’zolari haqida bir qator e’lonlarga ishora qilib.
Donald Trampning birinchi ma’muriyatida ham xuddi shunday pozitsiya mavjud edi: 2017-2019 yillarda AQShning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kurt Volker o‘z ishini ko‘ngilli asosida bajargan.
Ushbu maxsus vakilning vakolatlari qanday bo‘lishi hozircha aniq emas, ammo bu tayinlov Trampning “Ukrainadagi urushni imkon qadar tezroq hal qilish yo‘lini topish” haqidagi bayonotlariga mos keladi.
Sharhlar