Shols Ukrainaga Moskvaga yetib borishga qodir raketalar yetkazib berilmasligini aytdi
Germaniya kansleri Olaf Shols o‘ziga o‘tkazilgan bosimga qaramasdan, Ukrainaga uzoq masofali raketalarni yetkazib berishga rozi bo‘lmaydi, deb yozadi “Kommersant”. Avvalroq Ukraina hukumati Germaniyadan 500 km masofali Taurus raketalarini bir necha marta so‘ragan edi.
“Ko‘plar menga bosim o‘tkazganiga qaramay, men Moskvagacha yetib borishga qodir qanotli raketalarni yetkazib bermayman. Men mana shu yerda ishontirib aytishim mumkinki, shu pozitsiyada qolaman”, — dedi Shols Brandenburg federal o‘lkasidagi Nidergyorsdorf jamiyati fuqarolari bilan uchrashuvda.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb mamlakatlari uzoq masofali qurol bilan Rossiya hududiga zarbalarga ruxsat bersa, bu NATOning Rossiya-Ukraina urushidagi bevosita ishtirokini anglatishini ta’kidlagandi. Undan avvalroq esa Buyuk Britaniya AQSH rozi bo‘lsa, Ukrainaga ruxsat berishi haqida xabarlar tarqalgandi. AQSH prezidenti Jo Bayden esa bunday zarbalar Amerikaning ATACMS emas, balki Angliya va Fransiyaning Storm Shadow/SCALP raketalari bilan berilishi mumkinligini aytgandi.
Sharhlar