Vyetnamdagi eng boy tadbirkor ayollardan biri firibgarlik uchun o‘limga hukm qilindi
Vyetnam sudi avvalroq kamida 12,5 milliard dollar miqdoridagi o‘g‘rilikda va mamlakat tarixidagi eng yirik firibgarlikda ayblangan tadbirkor ayol Chiong Mi Lanni o‘lim jazosiga hukm qildi, deb xabar beradi Meduza.
67 yoshli Chiong — Vyetnamdagi eng taniqli tadbirkor ayollardan biri. U Xoshimin markaziy bozorida kosmetika sotish orqali o‘z karyerasini boshlagan. 1980-yillar oxirida kommunistik Vyetnam hukumati bozor islohotlarini joriy qilgach, u yer va ko‘chmas mulk operatsiyalari bilan shug‘ullangan. O‘sha yillari shu orqali Vyetnamning ko‘plab eng badavlat odamlari boylik orttirgan.
2012-yilda Chiong Mi Lan Saygon tijorat banki ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan va u tez orada aktivlari hajmi bo‘yicha Vyetnamdagi eng yirik xususiy kredit tashkilotiga aylangan.
Vyetnam qonunchiligi bir kishining har qanday bankning 5 foizdan ortiq aksiyalariga egalik qilishiga yo‘l qo‘ymaydi, biroq Chiong yuzlab soxta kompaniyalar va vakolatli shaxslardan foydalanib, aslida 90 foizdan ortiq aktivlarga egalik qilgan. U biznesi auditorlik tekshiruvlaridan o‘tkazilmasligi uchun yuqori mansabli amaldorlarga yoppasiga pora to‘lagan.
Ayblov versiyasiga ko‘ra, Chiong firibgarlik sxemalari yordamida 12 milliard dollardan ziyod mablag‘ni o‘zlashtirib olgan, bu 100 million aholiga ega mamlakat yillik yalpi ichki mahsulotining 3 foiziga tengdir. Jami zarar 22 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lib, sudlanuvchi buni jarima sifatida to‘lab berishi kerak.
Sharhlar