OpenAI kompaniyasi 6,6 mlrd dollarga investraund o‘tkazib, 157 mlrd dollar bahoni oldi

Фото: distillery

ChatGPT chat-botini ishlab chiquvchi Amerikaning OpenAI kompaniyasi navbatdagi investitsiya raundining bir qismi sifatida 6,6 milliard dollar jalb qilib, 157 milliard dollar baho oldi.

“Yangi mablag‘ bizga sun’iy intellekt bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar bo‘yicha yetakchilikni mustahkamlash, hisoblash quvvatini oshirish va odamlarga murakkab muammolarni hal qilishga yordam beradigan vositalarni yaratishda davom etish imkonini beradi”, — deyiladi OpenAI bayonotida.

Joriy yil boshida SI kompaniyasi 86 milliard dollarga baholangan edi. Uning hozirgi 157 milliard dollar bahosi esa uni Goldman Sachs Group Inc., Uber Technologies Inc. va AT&T Inc. kabi kompaniyalar bilan bir qatorga qo‘yadi.

OpenAI o‘tgan sarmoya raundining ishtirokchilari nomini aytmadi. The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, OpenAI kompaniyasi Thrive Capital venchur firmasidan 1,25 milliard dollar va Microsoft Corp. korporatsiyasidan 1 milliard dollardan kamroq mablag‘ olgan.

Thrive Capital va Microsoft kompaniyalari Barron’s so‘roviga javoban sarmoyaviy raundda ishtirok etganini tasdiqlagan.

WSJ  boshqa investorlar qatorida Yaponiyaning SoftBank Group ($500 mln), Nvidia Corp. ($100 mln ga yaqin) hamda Tiger Global Management ($350 mln), Ark Investment Management va Altimeter Capital ($250 mln dan) kompaniyalarini ham tilga olib o‘tgan.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.