Orbanning korteji Germaniyada avariyaga uchradi, politsiyachi halok bo‘ldi
Germaniyaga tashrifi chog‘ida Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning korteji YTHga uchradi, natijada 61 yoshli germaniyalik politsiyachi halok bo‘ldi. Bu haqda Bild nashri yozadi.
Baxtsiz hodisa 24-iyun, dushanba kuni soat 11:15 atrofida Shtutgart shahrida sodir bo‘lgan. 69 yoshli ayol o‘zining BMW mashinasida shlagbaumdan o‘tib ketib, Orbanning mashinasini kuzatib borayotgan 61 yoshli politsiyachining motottsikliga borib urilgan.
BMW ning zarbasi politsiyachini Vengriya bosh vaziriga hamrohlik qilayotgan boshqa, 27 yoshli ofitserning rasmiy motottsikliga uloqtirib yuborgan. Ularning ikkalasi ham og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Shtutgart politsiyasi komissari Markus Eyzenbraun 61 yoshli politsiyachi shifoxonada vafot etganini tasdiqladi. Marhumning hamkasblari bunga aralashmasliklari uchun voqeani tergov qilishni boshqa shahar – Lyudvigsburg politsiya bo‘limi o‘z zimmasiga oldi.
Bild nashrining qayd etishicha, Viktor Orban bir kun oldin futbol bo‘yicha Yevropa chempionatida Vengriya terma jamoasining Shotlandiya ustidan g‘alabasini kuzatish uchun Germaniyada bo‘lgan.
Sharhlar