Rossiyaning Orsk shahrida yana bir daryo qirg‘oqlaridan toshib chiqmoqda
Rossiyaning Orenburg viloyati Orsk shahridagi Yelshanka daryosi qirg‘oqlaridan toshib chiqmoqda, deb yozadi “Kommersant” mer Vasiliy Kozupitsaga tayanib. U xavfsiz joyga evakuatsiya qilishga chaqirdi. Ayni vaqtda Orskni Ural daryosi suv ostida qoldirishda davom etmoqda.
Ma’murlar odamlarni ogohlantirish bilan shug‘ullanmoqda, politsiya va Favqulodda vaziyatlar fuqarolik mudofaasi kuchlari guruhi bilan ushbu masalani muhokama qilmoqda. Evakuatsiya uchun avtobuslar va vaqtinchalik joylashtirish punktlari tayyorlab qo‘yilgan.
Hudud ma’murlari qayd etishicha, Orenburg viloyati butun kuzatuvlar tarixidagi eng sersuv toshqinga duch kelgan. Hukumat komissiyasi toshqinni federal xususiyatga ega favqulodda vaziyat deb baholadi. Infratuzilmaga yetkazilgan zarar 21 milliard rublga baholanmoqda. 7-aprel holatiga 77 ta aholi punktidagi 10,2 mingta turar joy va 18,5 mingda tomorqa uchastkalari suv ostida qolgan. 6,1 ming kishi evakuatsiya qilingan, mingdan ortiq odam vaqtinchalik punktlarga joylashtirilgan.
Orenburg, Orsk va boshqa aholi punktlarida qisman evakuatsiya olib borilmoqda. Orskda to‘g‘on yorilishi oqibatida Eski shahar, Yangi shaharning bir qismi hamda aholi punkti tarkibiga kiruvchi bir nechta qishloqlar suv ostida qoldi. Orskdagi vaziyat og‘ir deb baholanmoqda.
Sharhlar