KXDR AQSH, Yaponiya va Janubiy Koreyani “osiyocha NATO”ni yaratishda aybladi
KXDR Tashqi ishlar vazirligi bayonot e’lon qilib, AQSH, Yaponiya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalar haqida o‘z pozitsiyasini bildirdi. Uchala mamlakat munosabatlari NATO harbiy blokiga qiyoslangan, deb yozadi “Kommersant”.
“Hozir AQSH o‘zini oqlab, AQSH, Yaponiya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalar mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilganini va “NATOning osiyocha versiyasi” emasligini da’vo qilmoqda, lekin bu tajovuzkor blokni yaratganlik uchun xalqaro ayblovlardan qochish uchun o‘ylab topilgan hiyla”, — deyiladi idora xabarida.
Unda ta’kidlanishicha, 2023-yil avgustida bo‘lib o‘tgan uch tomonlama sammitda imzolangan hujjatga muvofiq, mamlakatlar ulardan biriga nisbatan tahdid yuzaga kelgan taqdirda, “birgalikda reaksiya ko‘rsatish” majburiyatini oladi. “Bu mohiyatan NATOning kollektiv mudofaa tamoyilini eslatadi — alyansga a’zo mamlakatlardan biri hujumga uchragan taqdirda, tashkilot buni barchaga qilingan hujum deb hisoblab, mudofaa kuchlarini qo‘llaydi”, — deyiladi TIV bayonotida.
KXDR, shuningdek, 27—29-iyun kunlari Shimoliy Koreya atrofidagi suvlarda Freedom Edge harbiy mashqlari o‘tkazilganini qoralab, bunday mashg‘ulotlar “mintaqada harbiy keskinlikni yuzaga keltirishi”ni qayd etdi.
Sharhlar