“Oppengeymer” 7 ta “Oskar”ni qo‘lga kiritdi. “Mariupolda 20 kun” eng yaxshi hujjatli film deb e’tirof etildi

“Oppengeymer” filmi jamoasi. Foto: Getty Images

Los-Anjelesda 96-Amerika kinoakademiyasi mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Meduza. Eng yaxshi film uchun “Oskar”ni “Oppengeymer” (Oppenheimer) filmi qo‘lga kiritdi, uni suratga olgan Kristofer Nolan esa Amerika kinoakademiyasining eng yaxshi rejissor mukofotiga ega bo‘ldi.

“Oppengeymer”da o‘ynagan Killian Myorfi eng yaxshi akyot sifatida “Oskar”ni qo‘lga kiritdi, kichik Robert Dauni esa ushbu filmdagi roli uchun ikkinchi darajali eng yaxshi aktyor deb e’tirof etildi. “Oppengeymer” hammasi bo‘lib yettita “Oskar”ga ega bo‘ldi.

Ikkinchi darajali eng yaxshi aktrisa “Tark etilganlar” (The Holdovers) filmidagi roli uchun Davayn Joy Rendolf bo‘ldi. Rejissor Yorgos Lantimosning “Bechoralar” (Poor Things) filmida o‘ynagan Emma Stoun esa ang yaxshi aktrisa sifatida “Oskar”ga ega chiqdi. Ushbu kartina Kinoakademiyaning eng yaxshi liboslar, grim va soch turmagi, shuningdek, postanovkachi rassom ishi uchun ham mukofotlarni oldi.

To‘liq metrajli eng yaxshi hujjatli film sifatida rejissor Mstislav Chernovning “Mariupolda 20 kun” lentasi tan olindi.

To‘liq metrajli eng yaxshi animatsion film yo‘nalishidagi “Oskar” Xayao Miyadzakining “Bolakay va qushcha” filmiga topshirildi.

Billi Aylish va Finneas O’Konnelning “Barbi” filmidagi “What Was I Made For?” kompozitsiyasi filmlardagi eng yaxshi qo‘shiq deb topildi. “Barbi”ning rejissori Greta Gervig va ushbu filmda bosh rolni ijro etgan Margo Robbi nomzodlari “Oskar” uchun ilgari surilmagandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.