Parijda Moldovaning uch fuqarosi ushlandi. Ular tobutlar aks etgan graffitilarni chizishda gumon qilinmoqda
Parijda uch nafar Moldova fuqarosi ushlandi, ular tobutlar va “Ukrainadagi fransuz askarlari” yozuvi aks etgan graffitilarni chizishda gumon qilinmoqda. Grafiti 7-iyun kuni Parijning yettinchi okrugida topilgan. Bunday rasmlar nechta chizilgani hali noma’lum.
Ushlanganlar Eyfel minorasiga Fransiya bayroqlari aks etgan tobutlarni qo‘ygan odamlarga aloqadorligi aniq emas, deb yozadi Le Figaro. BFMTV ma’lumotlariga ko‘ra, gumondorlar ehtimoliy xorijiy aralashuvga aloqadorlik ishi bo‘yicha tekshirilmoqda.
1 iyun kuni ertalab Eyfel minorasi yaqinida gips bilan to‘ldirilgan beshta soxta tobut o‘rnatilgan. Ular fransuz bayroqlariga o‘ralgan bo‘lib, “Ukrainaning fransuz askarlari” degan yozuv ham bor edi. O‘sha kuni Parijda uch erkak ushlandi – tobutlarni tashigan yuk mashinasi haydovchisi va Berlinga avtobusda ketmoqchi bo‘lgan yana ikki erkak.
Tergovning fikricha, xorijdan muvofiqlashtiriladigan beqarorlik operatsiyasi sodir etilgan. France.Info manbasining ta’kidlashicha, so‘z Rossiyadan turib amalga oshirilayotgan operatsiya haqida bormoqda. Eyfel minorasida tobutlarning paydo bo‘lishi fransuz harbiy instruktorlarining Ukrainaga borishi haqidagi ko‘plab xabarlar fonida yuz berdi.
Sharhlar