Peterburgda Igor Talkov o‘limi ishi bo‘yicha sud boshlandi. Qotillikda sirtdan qo‘shiqchining sobiq direktori ayblanmoqda
Sankt-Peterburgning Petrogradskiy rayon sudi 1991-yilda qo‘shiqchi Igor Talkovning o‘ldirilishi bo‘yicha jinoiy ishni ko‘rib chiqishni boshladi, deb yozadi “Interfaks”. Qo‘shiqchining sobiq kontsert direktori Valeriy Shlyafman sirtdan ayblanmoqda.
Igor Talkov 1991-yil 6-oktyabrda Sankt-Peterburgdagi “Yubileyniy” sport majmuasida o‘tkazilgan kontsert vaqtida sahna ortida o‘ldirilgan edi. O’shanda nizo Talkov va xonanda Azizaning vakillari o‘rtasida chiqishlar tartibi bo‘yicha kelib chiqqan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Azizaning qo‘riqchisi Igor Malaxov Talkov va uning direktorini to‘pponcha bilan qo‘rqitgan. Janjal paytida Shlyafman qurolni olib qo‘ygan va o‘q uzgan, ammo o‘q Talkovga tegib, uni og‘ir yaralagan.
Shlyafman dastlab ehtiyotsizlikdan odam o‘ldirishda ayblangan, ammo 1992-yilda u Isroilga jo‘nab ketgan va familiyasini Visotskiyga o‘zgartirgan. 2018-yilda tergov ishi davom ettirilgan, 2022-yilda esa Shlyafman sirtdan hibsga olingan. Endi u umumiy xavfli usulda sodir etilgan qotillik va qotillikka urinishda ayblanmoqda.
Birinchi sud majlisida tergov vakili Sergey Borovkov ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi, guvohlardan biri ham so‘roq qilindi. Navbatdagi yig‘ilish 12 avgustga belgilangan.
Sharhlar