Peterburgda sud afg‘onistonlik jurnalist ayolni deportatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorni bekor qildi
Sankt-Peterburgning Krasnoselskiy tuman sudi afg‘onistonlik jurnalist ayol Kubro Hassaniyni majburan vataniga quvib yuborish haqidagi qarorni bekor qildi, deb yozadi Meduza.
Sud qarorida aytilishicha, Hassaniyga nisbatan hech qayoqqa chiqib ketmaslik haqidagi tilxat ko‘rinishidagi oldini olish chorasi amal qilmoqda, shu sababli “uni Rossiya hududidan tashqariga quvob chiqarish imkonsiz”.
Sud, shuningdek, jurnalistni Chet el fuqarolarini saqlash markazidan ozod etishga qaror qildi, Hassaniy sakkiz oydan buyon o‘sha yerda edi. Sud fikricha, Jurnalistning markazda saqlanishi bundan buyon “uning huquq va erkinliklarini haddan ortiq cheklash sifatida ko‘rilishi kerak”.
Eslatib o‘tamiz, 13-fevral kuni Hassaniy va 12 nafar afg‘on fuqarosi Sankt-Peterburg portiga kirish uchun pora berish, chegara nazoratini chetlab o‘tish, xorijga ketayotgan kemaga chiqish va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan biriga ketishga urinishda ayblanib sudlangan edi.
Ularning barchasi ikki yil davomida koloniya-turargohda o‘tirishgan, sud esa afg‘onlarning tergov izolyatorida o‘tkazgan vaqtini hisobga oldi va sud zalida ozod qildi.
14-fevral kuni sud jurnalistning advokati tomonidan berilgan shikoyat arizasini ko‘rib chiqqan, u Kirov tuman sudining 2023-yil 24-maydagi Hassaniyning Peterburgdagi hujjatsiz bo‘lib turgani haqidagi ma’muriy ish bo‘yicha qarori yuzasidan berilgan. O‘shanda sud qizni besh ming rubl jarimaga tortgan va uni mamlakatdan quvib chiqarishga qaror qilgan edi.
Jurnalist ayol o‘zi o‘qiyotgan Kiyevdagi urushdan qochib kelgan va toliblar uning mamlakatini zabt etgach, Afg‘onistonni tark etgan.
Qiz Polshaga borishga umid qilgan, lekin Luganskka, keyin esa Rossiyaga kelgan – Kubroning so‘zlariga ko‘ra, u aldov qurboniga aylangan, lekin buni faqat Moskvada tushungan.
Hassaniyning Qobuldagi sobiq hamkasbining “Bi-Bi-Si”ga aytishicha, agar u deportatsiya qilinsa, qiz qamoq va qiynoqlarga duchor bo‘ladi, chunki Afg‘onistonda ishlaganida jurnalist ayollarning huquqlarini himoya qilish haqida yozgan.
Sud jarayonida Rossiya rasmiylari hech qanday asos yo‘qligini bahona qilib, unga vaqtinchalik boshpana berishni rad etishdi, dedi uning advokati Yelena Fadeyeva “Bi-bi-si”ga.
Sharhlar