Pokistonda jazirama oqibatida qariyb 600 kishi halok bo‘ldi, morglar to‘lib ketdi
Pokistonda havo harorati 40 darajadan oshdi, ammo namlik yuqori bo‘lgani sababli jazirama 49-50 daraja sifatida his qilinmoqda. Mamlakatdagi eng yirik tez yordam xizmatini boshqaruvchi Edxi fondi rahbari Feysal Edxi ma’lum qilishicha, hafta boshida tez yordam mashinalari issiq urishi oqibatida halok bo‘lgan o‘nlab kishilarning jasadlarini morgga yetkazgan.
Odatda Karachi shahar morgiga har kuni 30-40 tadan jasad kelib tushadi, ammo so‘nggi olti kun ichida ularning 568 taga yetgan, shulardan 141 tasi seshanba kunining o‘zida keltirilgan. Ularning ko‘pchiligi shaharning nochor hududlaridan bo‘lgani aytilmoqda.
“Biz bitta javonga uchtadan jasadni joylashtirishga majbur bo‘lyapmiz. Shuningdek, joy bo‘shatish uchun 22 ta jasadni odatdagidan kamroq vaqt saqlab turib, shoshilinch dafn qilishimizga to‘g‘ri keldi. Shahardagi barcha morglar, hatto masjid va motam zallari qoshidagi morglar ham joy tanqisligiga duch kelmoqda”, — dedi Feysal Edxi.
Qayd etilishicha, odamlar aynan issiq urishidan vafot etganini ishonch bilan aytishga hali erta, biroq yuqori harorat, shubhasiz, o‘limlar sabablaridan biri bo‘lgan.
Sharhlar