Pokistonda rossiyalik uchuvchilar bilan uchayotgan Mi-8 vertolyoti halokatga uchradi
Pokistonning Xayber-Paxtunxva provinsiyasida joylashgan Shimoliy Vaziriston okrugida bortida 14 kishi bo‘lgan Mi-8 vertolyoti halokatga uchradi. Natijada olti kishi halok bo‘lgan, sakkiz kishi yaralangan, deb yozadi “Kommersant” nashri. Uning manbalariga ko‘ra, vertolyotning uch nafar uchuvchisi Rossiya fuqarosi bo‘lgan.
Vertolyot Pokistonning Mari Petroleum Limited neft qidiruv va qazib olish kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. U neft koni yaqinida qulagan, deydi kompaniya vakili. Uning ta’kidlashicha, hodisa texnik sabablarga ko‘ra sodir bo‘lgan va “xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga hech qanday aloqasi yo‘q”. Yaradorlar Tal qo‘shma harbiy gospitaliga yotqizilgan.
Halok bo‘lganlar orasida uchuvchilar bor-yo‘qligiga aniqlik kiritilmagan. Nashr manbalari vertolyot havoga ko‘tarilganidan so‘ng darhol texnik muammolarga duch kelganini aytadi. Halokatga uning dum rotori favqulodda qo‘nish vaqtida yerga tegishi sababchi bo‘lgan. Voqea yuzasidan tergov boshlangan, halokat joyida Pokiston armiyasi ham yordam bermoqda.
Sharhlar