Pokistonda xorijiy diplomatlar karvoniga hujum uyushtirildi
Pokistonda, Xayber-Paxtunxva viloyatining Svat tumanida, xorijlik diplomatlar karvoni o‘tayotgan vaqtda Malam-Jabba yo‘lida kuchli bomba portladi. Portlash oqibatida xorijiy delegatsiyalar karvoniga hamrohlik qilayotgan politsiyachilardan biri halok bo‘ldi, yana uch nafar politsiyachi turli darajadagi og‘irlikdagi jarohatlar oldi.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, karvonda Rossiya, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston, Indoneziya, Portugaliya, Bosniya va Gersegovina, Zimbabve, Ruanda, Vetnam va Eron delegatsiyalari boʻlgan.
“Portlashda konstebl Burhon shahid boʻldi va yana uch politsiyachi, jumladan sub-inspektor Sar Zamin, konstebl Aman Ulla va konstebl Habib Gul yaralandi”, – dedi departament rasmiysi.
DIG agentligi maʼlumotlariga koʻra, portlash masofadan boshqariladigan qoʻlbola portlovchi qurilma (IED) orqali sodir etilgan.
“Hujum vaqtida barcha elchilar xavfsiz bo‘lib, Islomobodga jo‘nab ketishdan oldin xavfsiz joyga evakuatsiya qilindi”, — deyiladi agentlik xabarida.
Hozircha hech kim hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
Sharhlar