Politico: Rossiya harbiy yordam evaziga Xitoy bilan ilg‘or harbiy texnologiyalarni, shu jumladan suvosti kemalarini bahamlashadi
AQSh Davlat kotibining o‘rinbosari Kurt Kempbellning aytishicha, Pekin Moskvaga o‘z harbiy qudratini mustahkamlashda “juda muhim” yordam ko‘rsatmoqda. Buning evaziga Rossiya Xitoyga suvosti kemalari va raketalar kabi qattiq qo‘riqlanadigan harbiy texnologiyalarni taqdim etadi.
Bryusselda Yevropa Ittifoqi va NATOdagi hamkasblari bilan uchrashuv chog‘ida Kempbell Pekinga qarshi ritorikasini kuchaytirdi. Avvalroq Qo‘shma Shtatlar Xitoy harbiy-sanoat majmuasida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ikki tomonlama texnologiyalarni yetkazib berishini bildirgan edi. Endi Vashington Xitoy Rossiya armiyasiga bevosita yordam berayotganini da’vo qilmoqda.
“Bular shunchaki ikki tomonlama texnologiyalar emas, – deydi Kempbell. – Aslida ular Rossiya harbiy mashinasiga yordam berishmoqda.”
“Biz ikkala hukumatning yuqori darajalarida ushbu bezovta qiluvchi hamkorlikning ayrim jihatlarini yashirish va himoya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni ko‘rmoqdamiz”, deya qo‘shimcha qiladi diplomat.
Xitoy avvalroq Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga qurol yetkazib berayotganini rad etib, hech bir tomonga qurol yetkazib bermayotganini va mojaroda “xolis pozitsiya” tutayotganini aytib kelayotgandi.
Pekin yordami evaziga Rossiya Xitoy bilan suv osti kemalari, raketalar va boshqa nozik texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik qila boshladi. Tarixiy jihatdan, Moskva o‘zining ilg‘or harbiy ishlanmalarini Pekin bilan baham ko‘rishga shoshmayotgandi.
“Rossiya ilgari Xitoy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishni istamagan sohalarda endi o‘z imkoniyatlari bilan o‘rtoqlashmoqda, – deydi Kempbell. – Bu suvosti amaliyotlari, aviatsiyada loyihalashtirish va raketa qurollari texnologiyalariga taalluqli”.
Sharhlar