Qirg‘izistonda prezident Sadir Japarovning jiyani hibsga olindi
Qirg‘izistonda prezident Sadir Japarovning jiyani hibsga olindi, deb yozadi “Kommersant”. Ulan Japarov o‘ta yirik hajmdagi firibgarlikda gumonlanmoqda: u Qirg‘iziston prezidentining viloyatlardan biridagi muxtor vakili lavozimini va’da qilib, 100 ming dollardan ziyod summada mukofot olgan.
Ulan Japarov o‘tgan oyda qo‘lga olingan va 19-avgustga qadar hibsda saqlanadi. U 32 yoshda bo‘lib, Qirg‘iziston prezidentining amakivachchasi Rakimjan Japarovning o‘g‘lidir. Qayd etilishicha, Ulan Japarov bir yil avval ham bojxonadagi poraxo‘rlikda gumonlanib hibsga olingan, ammo to‘rt oydan keyin uy qamog‘iga yuborilgan edi, bu ish haligacha sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
“Prezident Sadir Japarov o‘zgarmas pozitsiyaga rioya qiladi va jinoiy xatti-harakatlarni amalga oshriganlar lavozimi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishi shart”, — dedi prezident matbuot kotibi Askat Alagozov.
Sharhlar