Putin 18-19-iyun kunlari Shimoliy Koreyaga tashrif buyuradi
Kreml Vladimir Putinning KXDRga tashrifi sanalarini e’lon qildi, u 18-19-iyun kunlari bo’lib o’tadi. Putin KXDRga 2000-yilda ham tashrif buyurgan edi.
Safar Ukraina va G‘arb tomonidan Shimoliy Koreya Rossiyaga katta hajmdagi o‘q-dorilar – artilleriya snaryadlari va ballistik raketalar yetkazib berishda ayblovlari fonida bo‘lib o‘tadi.
Joriy yil boshida Ukraina Xavfsizlik xizmati 2023-yil oxiridan beri Rossiya harbiylari Ukraina hududiga Shimoliy Koreyaning 20 dan ortiq qurolini otgani, jumladan 2024-yil 2-yanvar kuni Xarkovga Xvason-11 raketasi bilan hujum qilgani haqida xabar bergan edi.
Umuman olganda, AQShning YeXHTdagi missiyasi rahbari oʻrinbosari Treysi Nyuellning joriy yil may oyi boshida bergan maʼlumotlariga koʻra, 2023-yil oxiridan beri Shimoliy Koreya Rossiyaga deyarli 11 ming konteyner oʻq-dori yuborgan.
2006-yildan beri Shimoliy Koreya yadroviy dastur ishlab chiqqani va ballistik raketalar ishlab chiqargani uchun sanksiyalar ostida. Rossiyaga raketa yetkazib berish, BMT ekspertlarining fikricha, bu sanksiyalarni buzishi mumkin.
O‘q-dorilar yetkazib berilishiga javoban, AQSh Milliy xavfsizlik kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tib, KXDRga neft mahsulotlarini yetkazib bermoqda.
Sharhlar