Putin 2000-yildan buyon birinchi marta Shimoliy Koreyaga keldi

Foto: AP

18-iyun kuni kechqurun Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Pxenyanga yetib bordi, deb yozadi Meduza. Aeroportda uni KXDR yetakchisi Kim Chen In kutib oldi.

Putinning Shimoliy Koreyaga tashrifi ikki kun davom etadi. 19-iyun kuni turli formatlarda Putin bilan muzokaralar rejalashtirilgan, shu jumladan, Kim Chen In bilan shaxsiy uchrashuv ham bo‘lib o‘tadi.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Putinning tashrifi chog‘ida qo‘shma hujjatlar imzolanishi rejalashtirilayotgani, ular orasida Rossiya va KXDR o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma ham borligini ma’lum qilgan edi.

Bu Putinning Pxenyanga ikkinchi tashrifi bo‘lib, birinchi marta u KXDRga 2000-yilda kelgandi.

G‘arb OAVlari Rossiya KXDR bilan harbiy hamkorlikni keskin kuchaytirgani, undan, xususan, Ukrainadagi jang zonasida foydalanish uchun snaryad va raketalar olgani haqida ko‘p marta yozgandi. Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududini o‘qqa tutish uchun Shimoliy Koreya raketalarini qo‘llayotgani haqida AQSHning BMTdagi vakillari ham ma’lum qilgandi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.