Putin: Rossiya texnikaviy nuqtayi nazardan yadro urushiga tayyor
Rossiya prezidenti Vladimir Putin “RIA Novosti”ga bergan intervyusida RF harbiy-texnikaviy jihatdan yadro urushiga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Ukraina hududidagi harbiy operatsiya chog‘ida biror marta ham taktik yadro qurolini qo‘llash zarurati yuzaga kelmagan.
“Harbiy-texnikaviy nuqtayi nazardan biz, albatta, tayyormiz. Ular (yadro kuchlari) bizda doimiy ravishda jangovar shaylik holatida turadi”, — dedi Vladimir Putin. U Rossiya yadro triadasi boshqa har qanaqasidan zamonaviyroq ekanini aytdi. Agar gap Rossiya davlati mavjudligi, uning suvereniteti va mustaqilligiga ziyon yetkazish haqida borsa, RF yadro qurolini qo‘llashga tayyor bo‘ladi, dedi u.
Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, AQSH hozir o‘z yadro kuchlari zamonaviyligini oshirish vazifasini qo‘ymoqda va o‘zining barcha komponentlarini rivojlantirmoqda. “Biz ham”, — deya ta’kidladi u. Putin, agar AQSH shunday yo‘l tutsa, Rossiya ham yadro quroli sinovini o‘tkazishini istisno qilmadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2022-yil yozining oxiri va kuzining boshida AQSh Milliy xavfsizlik kengashi Vashingtonning Ukrainada yadro quroli qo‘llanilishi ehtimoli bo‘yicha rejalarni muhokama qilish uchun bir qator yig‘ilishlarni o‘tkazgani, bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar bu boradagi xavotirlarini Xitoy va Hindiston bilan o‘rtoqlashgani xabar berilgan edi. Vashingtonning xavotirlariga Amerika razvedkasidan olingan ma’lumotlar, shuningdek, Ukraina armiyasining muvaffaqiyatlari fonida turli darajadagi Rossiya Federatsiyasi vakillaridan tegishli tahdidlar to‘lqini sabab bo‘lgan. 2022-yil sentabrida Putinning o‘zi bu haqda ma’lum qilgan, bu nafaqat G’arb davlatlari, balki Rossiya Federatsiyasi «do‘stona» mamlakatlar deb hisoblagan Hindiston va Xitoy rahbarlari tomonidan ham tanqid qilindi.
Sharhlar