Putinning katta jiyani Ukrainadagi urush davrida Yevropa bo‘ylab sayohat qilishda davom etmoqda
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning jiyani va mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Tsivilevaning o‘g‘li 26 yoshli Dmitriy Loginov Ukrainada davom etayotgan mojaroga qaramay Yevropaga safarlarini davom ettirmoqda. Bu haqda “Sirena” nashri FSB chegara xizmati ma`lumotlariga tayanib xabar berdi.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilning 1-iyulida Loginov Istanbulga uchib ketgan va bir oydan keyin – Finlyandiya orqali avtomobilda Rossiyaga qaytgan. 2023-yilning yanvarida u yana Turkiyaga borib, mart oyida Estoniya orqali qaytib kelgan. Bir oydan kamroq vaqt o’tgach, u yana Evropaga tashrif buyurgan.
Harbiy harakatlar boshlanishidan oldin Loginov tez-tez Evropa mamlakatlariga, jumladan Gretsiya, Ispaniya, Belgiya, Shveytsariya va Germaniyaga borgan, lekin ko’pincha Italiyaga tashrif buyurgan.
Eslatib o’tamiz, Anna Tsivileva (Putin) Rossiya Federatsiyasi Prezidentining amakivachchasining qizi. Putin yaqinda uni mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinladi. U Kemerovo viloyatining sobiq gubernatori va hozirgi energetika vaziri Oleg Tsivilev bilan turmush qurgan. Tsivilevaga Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Shveytsariya tomonidan, “Kolmar” ko’mir kompaniyasiga esa faqat Buyuk Britaniyada sanksiya qo’yilgan.
Dmitriy Loginov Sheregesh tog’-chang’i kurortida biznes yurituvchi “Kolmar-Tour” sayyohlik kompaniyasining egasi. Putin unga kompaniyani turizmni rivojlantirish milliy loyihasiga kiritishni topshirgan. “Sirena”ning yozishicha, “Kolmar-Tour” Loginovning onasiga tegishli xolding kompaniyasi tarkibiga kiradi.
Sharhlar