Putinning vakili “Tolibon” harakatini terrorchilar ro‘yxatidan chiqarib tashlanishini e’lon qildi
Rossiya hukumati tez orada “Tolibon”ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarilganini e’lon qiladi. Bu haqda Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha vakili Zamir Kabulov ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qaror allaqachon yuqori darajada qabul qilingan, ammo “huquqiy tartib-qoidalarga rioya qilish kerak”.
Juma kuni ertalab FXX rahbari Aleksandr Bortnikov Rossiya “Tolibon”ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlayotganini ma’lum qilgandi.
Uning ta’kidlashicha, Afg‘onistonda hokimiyat tepasidagi “Tolibon” harakati mamlakatda “tartib o‘rnatish va barqarorlikni saqlashga qaratilgan”. Bundan tashqari, Bortnikovning aytishicha, toliblar IShIDning afg‘on qanoti “Viloyat Xuroson”ga qarshi kurashishga tayyor.
Rossiya hukumati “Tolibon” bilan uzoq vaqtdan beri aloqada. Joriy yilda toliblar “Rossiya – Islom olami: KazanForum” forumida, shuningdek, Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etdi.
Sharhlar