Zelenskiy NATOni noyabrni kutmasdan, qat’iy harakatlarga o‘tishga chaqirdi
Ukrainaga Rossiya bilan nizoda yordam berish uchun NATO mamlakatlari qat’iy xatti-harakatlarga o‘tishi kerak, dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqchilar AQSHda prezident saylovlari bo‘lib o‘tadigan vaqt — noyabrni kutib o‘tirmasdan, hoziroq ko‘mak hajmini oshirishi kerak.
“Soyadan chiqish, kuchli qarorlar qabul qilish, harakatga o‘tish va noyabrni yoki boshqa oyni kutmaslik vaqti keldi. Buning uchun biz kuchli va murosasiz bo‘lishimiz kerak. Barchamiz birgalikda. Birinchi navbatda AQSH”, — dedi Zelenskiy NATOning Vashingtondagi sammiti ochilishida nutq so‘zlayotib. Xususan, u AQSHni Amerika quroli bilan Rossiya hududiga zarbalar berishga qo‘yilgan har qanday cheklovlarni olib tashlashga chaqirdi.
Amerika OAVlari xabar berganidek, NATO mamlakatlari saylovda Donald Tramp g‘olib chiqqan taqdirda Ukrainaga uzoq muddatli yordam berish uchun rejalarni ishlab chiqishni boshlagan. Sammitda NATO Ukraina qurolli kuchlariga yetkazib berilayotgan harbiy yordamni muvofiqlashtirish uchun Germanida bosh qarorgoh tashkil etilishini e’lon qiladi. Bundan tashqari, alyans ushbu yetkazmalar uchun mas’ul bo‘ladigan mansabdorni ham tayinlaydi.
Sharhlar