Saudiya Arabistonida bu yil qariyb 200 kishi qatl etilgan
AFP agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, Saudiya Arabistonida bu yil so‘nggi 30 yil ichidagi eng ko‘p sonli odamlar qatl qilingan. 28-sentabr kuni yana uchta o‘lim jazosi hukmi ijro etilgach, qirollikda 2024-yildagi qatllarning umumiy soni 198 taga yetdi.
O‘tgan yili Saudiya Arabistonida 170 kishi qatl etilgan, 2022-yilda esa 196 ta o‘lim jazosi hukmi ijro etilgan edi.
Joriy yilda mamlakatda 32 kishi terrorizmda ayblanib, yana 52 kishi esa narkotiklar haqidagi ishlar bo‘yicha qatl qilingan. Saudiya hukumati bayonotlariga ko‘ra, o‘lim jazosi “jamoat tartibini saqlash” vazifasini o‘taydi va mahkumlarning barcha yuridik imkoniyatlari tugaganidan keyingina ijro etiladi.
Ammo, qayd etilishicha, Saudiya Arabistonida qatllarning katta soni valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning gaplariga zid keladi. 2022-yildayoq The Atlantic nashriga bergan intervyusida shahzoda mamlakatdagi o‘lim jazosi haqidagi hukmlar endi faqat qotillik yoki ko‘plab odamlar hayotiga xavf solganlik uchungina chiqarilayotganini ta’kidlagandi.
Sharhlar