Tramp noyabrda mag‘lub bo‘lsa, keyingi prezident saylovida qatnashmaydi
Respublikachilar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzod Donald Tramp shu yilgi prezidentlik poygasida mag‘lubiyatga uchrasa, keyingi — 2028-yilgi saylovlarda qayta saylanishga harakat qilmasligini bildirdi, deb yozadi “Kommersant”. AQSHda hisob bo‘yicha 60-prezident saylovi 5-noyabrga rejalashtirilgan.
Full Measure dasturi boshlovchisi Donald Trampdan Oq uyga rahbar bo‘lishga qaratilgan navbatdagi urinishida muvaffaqiyat qozonmasa, to‘rt yildan keyin yana nomzodini qo‘yishni rejalashtirayotgani yoki yo‘qligi haqida so‘radi. “Yo‘q, nomzodimni qo‘ymayman. Bu amalga oshmaydi, deb o‘ylamayman. Biz muvaffaqiyatga erishamiz, deb umid qilaman”, — deya javob qildi u.
Donald Tramp AQSH prezidentligiga uch marta o‘z nomzodini qo‘ygan. 2016-yilgi saylovda Demokratik partiyadan nomzod Xillari Klintonni mag‘lub etib, AQSHning 45-prezidentiga aylangan edi. 2020-yilda Tramp yana nomzodini ilgari surgan, ammo demokrat Jo Baydenga yutqazgan edi. 2022-yil noyabrida esa Tramp 2024-yilgi saylovda qatnashish niyati haqida e’lon qildi.
Sharhlar