Qirg‘iziston parlamenti OAV va internetda haqoratlar uchun jarimalar joriy etish masalasini muhokama qilmoqda

Фото: Anadolu

Qirg‘iziston parlamenti ommaviy axborot vositalari va internetda haqorat va tuhmat uchun jarima solishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokama qila boshladi. Bu haqda “Kloop” xabar beradi.

Nashrning aniqlik kiritishicha, mazkur hujjat respublika Vazirlar mahkamasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Hukumat qonunbuzarliklar kodeksiga yangi modda — haqoratni kiritishni taklif qilmoqda. Qonun loyihasiga ko‘ra, qoidabuzar jismoniy shaxslarga 100 ming som, yuridik shaxslarga 200 ming som miqdorida jarima solish rejalashtirilgan.

Tashabbus mualliflari OAV va internet resurslari orqali haqorat va kamsitish holatlari ko‘payganini ko‘rsatadigan statistika ma’lumotlarga murojaat qilishgan. Shu bilan birga, rasmiylarning ta’kidlashicha, aksariyat epizodlar “aybdorlikni isbotlash qiyinligi va huquqiy normalarning noaniqligi” tufayli jazosiz qolmoqda.

Loyiha mualliflari, shuningdek, tuhmatni taqiqlash “dezinformatsiyaning oldini olish va nizolarni qo‘zg‘atmaslik orqali jamoat tartibi va axloqiy me’yorlarni saqlashga yordam beradi”, deb hisoblashadi. Bunday huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ishlar Qirg‘iziston Madaniyat vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilishi taxmin qilinmoqda.

Aprel oyida vazirlik qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etgandi. Oldingi tahrirda jarima miqdori: haqorat qilganlik uchun fuqarolarga 7500 som va korxonalarga 23000 som, tuhmat uchun mos ravishda 10 000 (1 488 090 o‘zbek so‘mi) va 28 000 (4 166 654 o‘zbek so‘mi) miqdorida jarima belgilandi.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.