Qirg‘iziston prezidentining jiyaniga uy qamog‘i tayinlandi

Фото: kabar.kg

Avvalroq hibsga olingan prezident Sadir Japarovning jiyani Ulan Japarov tergov davomida, 19-sentyabrgacha uy qamog‘ida bo‘ladi. Bu haqda Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi xabar beradi.

Matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, sud 24-avgust kuni DMXQ Tergov boshqarmasi tergovchisining iltimosnomasini qanoatlantirgan qarorni qabul qilgan. Shunday qilib, ilgari qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi uy qamog‘iga o‘zgartirildi.

Prezidentning jiyani Ulan Japarov shu yilning iyul oyida hibsga olingan edi. U o‘ta katta miqdordagi firibgarlikda ayblangan. Davlat rahbari matbuot kotibi Askat Alagozov sodir bo‘lgan voqeani izohlar ekan, “mamlakat rahbariyati noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotganlarning aybini yopmasligini” aytdi.

Bu Ulan Japarovning birinchi marta hibsga olinishi emas. 2023-yil iyul oyi boshida u bojxonada korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olingandi. Buni sharhlar ekan, davlat rahbarining o‘zi “hozir zamon boshqa”, hammaga “bir xil” munosabatda bo‘lishini ta’kidlagandi. O‘tgan yil oktyabrida Ulan Japarov uy qamog‘iga ozod etilgan edi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.