Qirg‘iziston Ukraina tomonidan tashkil qilingan Tinchlik sammitida qatnashmaydi
Qirg‘iziston Tinchlik sammitida ishtirok etmaydi, bu haqda Vazirlar Mahkamasi rahbarining o‘rinbosari Edil Baysalov Deutsche Welle axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Baysalovning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston hukumati “Ukrainaga ham, Rossiyaga ham teng munosabatda bo‘ladi”. Uning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston tomoni “bu aqldan ozgan vaziyatga barham berish” tarafdori va Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishdan manfaatdor emas.
“Ammo Ukraina tomoni bizning sabablarimizni tushunadi, biz ularga barcha dalillarimizni keltirdik. Biz shu jarayonda qolishga umid qilamiz. […] Hozircha bizning bevosita ishtirokimiz unchalik qimmatli emas, Ukraina ham bizning pozitsiyamizni qabul qildi”, – dedi Baysalov.
15-16 iyun kunlari Shveysariyada Ukraina bo‘yicha global tinchlik sammiti bo‘lib o‘tadi. Anjumanda dunyoning 100 ga yaqin davlati ishtirok etishi kutilmoqda.
Rossiya 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga to‘liq miqyosli bosqinni boshladi. O‘shandan beri Ukrainada jangovar harakatlar davom etmoqda. Markaziy Osiyoning deyarli barcha davlatlari, jumladan Qirg‘iziston ham o‘z betarafligini rasman e’lon qildi. Shu bilan birga, G‘arb sanktsiyalariga qaramay, Markaziy Osiyo davlatlarining ayrim kompaniyalari hamon Rossiyaga tovarlar, jumladan, harbiy maqsadlarda foydalaniladigan mahsulotlarni yetkazib bermoqda.
Sharhlar