Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegarasining qolgan qismlarini belgilab bo‘lishdi
4-dekabr kuni Botken shahrida Qirg‘iziston va Tojikiston hukumat delegatsiyalarining davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha uchrashuvi o‘tkazildi.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi xabar qilishicha, delegatsiyalar rahbarlari kelishuvga erishib, Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasining qolgan qismlarini to‘liq belgilab bo‘lishgan. Rahbarlar ishchi guruhlarga chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha yakuniy hujjatlarni tayyorlashni topshirgan.
Tojikiston delegatsiyasi rahbari Saymumin Yatimov ikki davlat o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalasi “amalda hal etilganini” ma’lum qildi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiуev ham Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasi bo‘yicha komissiya chegaraning butun uzunligini uzil-kesil kelishib olganini ta’kidladi.
“Butun mas’uliyat bilan aytishim mumkinki, bugun tarixiy lahza – chegaralarni muvofiqlashtirish. Bundan keyin yuridik rasmiylashtirish, parlamentlar tomonidan ratifikatsiya qilish va hurmatli prezidentlarimizning imzo qo‘yishlari qoladi. О‘ylaymanki, yaqin kelajakda, atigi bir necha oydan so‘ng, chegaralarimiz masalasini uzil-kesil hal qilamiz,” – deydi Tashiуev.
Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasining umumiy uzunligi 972 kilometrni tashkil etadi. Biroq, Tojikiston bilan chegaradosh hududlarda aniqlanmagan chegaralar tufayli Botken viloyatida vaqti-vaqti bilan nizolar yuzaga kelmoqda. Oxirgi yirik nizo 2022-yil 14-17 sentyabr kunlari sodir bo‘lgan edi. О‘shanda ikki tomondan yuzdan ortiq kishi halok bo‘lgan.
Sharhlar