Qirg‘izistonda “xorijiy vakillar” reyestri ishga tushdi
Qirg‘iziston Adliya vazirligi saytida “xorijiy vakillar” maqomida faoliyat yurituvchi notijorat tashkilotlarining (NNT) yangi reyestri ishga tushirildi.
Hozirgi vaqtda reyestrda uchta tashkilot ro‘yxatga olingan: ikkita tadbirkorlar uyushmasi – “Yevroosiyo biznes klubi” va JIA, shuningdek, Fauna & Flora atrof-muhitni muhofaza qilish kompaniyasining filiali.
Adliya vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, reyestrga kiritish uchun arizalar endi qabul qila boshlangan, chunki Vazirlar Mahkamasining “Qirg‘iziston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 9-sentyabrdan kuchga kirgan.
Nizomga ko‘ra, Adliya vazirligi ikki oy muddatda arizalarni qabul qiladi. Ushbu davrda xorijiy donorlardan mablag‘ oladigan va “siyosiy faoliyat” bilan shug‘ullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlari reyestrga kirish uchun ariza berishlari kerak. Aks holda, ular turli jazo choralariga, jumladan, tugatishga duch kelishadi.
Prezident Sadir Japarov 2-aprel kuni “Xorijiy vakillar to‘g‘risida”gi qonunni imzolab, o‘zgartishlarning qabul qilinishi mamlakatga foyda keltirishini, “hamma ochiq va teng sharoitlarda ishlashini” ta’kidladi. Japarov, shuningdek, notijorat tashkilotlari ta’qib qilinmasligiga ishontirdi.
Biroq davlat rahbari o‘nlab nodavlat notijorat tashkilotlari va faollarning uni bu qadamdan tiyilishga chaqirgan murojaatlariga qaramay, tuzatishlarni imzoladi. Ularning fikricha, ushbu qonun qoidalari fuqarolik jamiyati tashkilotlari faoliyatini sezilarli darajada cheklaydi va u repressiv xarakterga ega.
Qonunni buzmasdan ishlashni davom ettirish uchun ba’zi NNTlar MChJ yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tishga yoki o‘z tashkilotini to‘liq tugatishga qaror qilmoqda. Ba’zi NNTlar chet eldan moliyalashtirishni rad etishni afzal ko‘rmoqda.
Sharhlar